“O‘ZMETKOMBINAT” LONDONDA XALQARO MOLIYA MAYDONIDA O‘Z TAJRIBASINI TAQDIM ETDI
Londonda "Standard Chartered Bank" tomonidan tashkil etilgan "Development and Agency Finance Day" tadbirida “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ o‘z ishtiroki bilan qatnashdi.
Tadbir doirasidagi “Uzmetkombinat / ICIEC – Steel Plant Financing: ICIEC as an Alternative to ECA” sessiyasida korxona Islom investitsiyalari va eksport kreditlarini sug‘urtalash korporatsiyasi — ICIEC bilan hamkorlikda amalga oshirilgan 132,5 million yevrolik uzoq muddatli moliyalashtirish loyihasi haqida ma’lumot berdi. Ushbu mablag‘lar O‘zbekistonda issiq holda prokatlangan po‘lat o‘ramlarini ishlab chiqaruvchi birinchi korxona — Bekoboddagi yangi quyuv-prokatlash majmuasini yakunlashga yo‘naltirilgan.
“O‘zmetkombinat” AJ Boshqaruvi raisi - Bosh direktor Bahodir Abdullayev tadbir davomida xalqaro banklar va moliya institutlari vakillari, jumladan "Standard Chartered Bankning" Buyuk Britaniyadagi bosh ijrochi direktori va mijozlar bilan ishlash bo‘yicha rahbari Saif Malik bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston sanoat sohasidagi hamkorlik istiqbollari, yangi investitsiya yo‘nalishlari hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.