SIFAT VA SAMARADORLIK
Navli prokatlash bo‘linmasining po‘lat simlar ishlab chiqarish bo‘limida ish samaradorligi va mahsulot sifati izchil ravishda oshib bormoqda. Qurilish sohasida po‘lat simlarga bo‘lgan talab yuqori ekanligini inobatga olgan holda, jamoa har bir buyurtmani sidqidildan bajarib, yaxshi natijalarga erishmoqda.
Sentabr oyida bo‘lim 332 tonna mahsulot ishlab chiqarib, rejani 110,7 foizga bajardi. Bu — jamoa mehnatsevarligi, ahilligi, ishga mas’uliyatli yondashuvining amaliy natijasidir. Shu davrda qurilish hamda temir-beton konstruksiyalar uchun mo‘ljallangan turli diametrdagi po‘lat simlar ishlab chiqarildi. Barcha mahsulotlar yuqori sifat talablariga to‘liq javob beradi va mustahkamligi bilan ajralib turadi.
Bugungi kunda bo‘limda ishlab chiqayotgan po‘lat simlar “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Uy-joy qurilish lyuks” MCHJ, “Lond Xous” MCHJ hamda “Infratuzilmani rivojlantirish injiniring” kompaniyasi kabi yirik korxonalar tomonidan barqaror talabga ega.
Yuksak mas’uliyat, aniq rejalashtirish va sifatga bo‘lgan doimiy e’tibor — jamoaning asosiy yutug‘i hisoblanadi.