TARG'IBOT TADBIRI TASHKIL ETILDI
2026-yil 15-oktabr kuni «O‘zmetkombinat» AJning Navli prokat bo‘linmasida xodimlarning mehnat qilish sharoitlarini yaxshilash, ishlab chiqarishda xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish hamda baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan keng qamrovli ommaviy targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Toshkent viloyati Davlat mehnat inspeksiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 505-sonli qarori mazmun-mohiyatini soha xodimlariga atroflicha tushuntirish, unda belgilangan zamonaviy talablarni metallurgiya ishlab chiqarish jarayoniga izchil tatbiq etishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, tadbir davomida ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish, ularni keltirib chiqaruvchi xavf omillarini barvaqt aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha ko‘riladigan tashkiliy-texnik chora-tadbirlar muhokama markazida turdi.
Muloqot va fikr almashish formatida o‘tgan seminarda kombinatning Navli prokat bo‘linmasi muhandis-texnik xodimlari, Sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasi departamenti mutaxassislari, shuningdek, ishchi-xodimlar manfaatlari himoyachisi sifatida Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi va xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbir yakunida Davlat mehnat inspeksiyasining mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat texnik inspektori O‘. O‘sarov tomonidan sanoat korxonalarida shikastlanishlar va kasb kasalliklari ko‘rsatkichini pasaytirish, ish joylarida xavfsizlik talablarining bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.