KOMBINAT YOSHLARI O‘RTASIDA KURASH BO‘YICHA SPORT MUSOBAQASI TASHKIL ETILDI
14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan kombinat Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan kurash bo‘yicha sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur musobaqa sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga qaratildi.
Musobaqada kombinatda samarali mehnat qilib kelayotgan 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ishtirok etdi. Qatnashchilar uchta vazn toifasida o‘zaro kuch sinashib, g‘alaba uchun bor mahorati va jasoratini namoyon etishdi. Bellashuvlar murosasiz, shiddatli va tomoshabinlar uchun juda qiziqarli kechdi.
Yakunda g‘olib va sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan sportchilar Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan diplomlar hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan tantanali ravishda taqdirlandilar. Ushbu musobaqa ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashib, jamoada do‘stlik, birdamlik va vatanparvarlik ruhini yanada mustahkamladi.