Bekor qilish


Shrift(

1

x

)
Masshtab(100%)
A
A
A

Saytda ovoz jo`rligi(suhandon tekstni o`qib berishi) funksiyasi mavjud. Buning uchun kerakli tekstni belgilaysiz, paydo bo`lgan oynadan bosqichni tanlaysiz. Agar to`xtatmoqchi bo`lsangiz bosqichni tanlaysiz

Bosh sahifa / Axborot xizmati / Yangiliklar / Kundalik yangiliklar

Xomashyo, metallurgiya, energetika va transport: “O‘zmetkombinat” NORINCO bilan yangi sanoat alyansiga zamin yaratmoqda

11.08.2026 11.08.2026 45

   

“O‘zmetkombinat” AJ xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, xomashyo bazasini mustahkamlash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda zamonaviy sanoat infratuzilmasini shakllantirish yo‘lida dunyoning yirik korporatsiyalari bilan strategik muloqotni izchil davom ettirmoqda.

Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilayotgan xizmat safari doirasida “O‘zmetkombinat” AJ Boshqaruv raisi Bahodir Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya China North Industries Corporation — NORINCO kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuv kun tartibidan kombinatning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi bir qator yirik loyihalar o‘rin oldi. Xususan, istiqbolli konlarni o‘zlashtirish, mineral-xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish orqali kombinatning barqaror xomashyo bazasini shakllantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Muzokaralarning muhim yo‘nalishlaridan biri OKMKning 2-MOF chiqindilarini qayta ishlash bo‘ldi. Tomonlar mavjud texnogen resurslardan samarali foydalanish, ulardan qimmatli komponentlarni ajratib olish, ikkilamchi xomashyoni qayta ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etish hamda bu yo‘nalishda zamonaviy texnologik yechimlarni qo‘llash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Shuningdek, yangi domen ishlab chiqarish majmuasini barpo etish istiqbollari yuzasidan batafsil fikr almashildi. Loyihani amalga oshirishda ilg‘or muhandislik yechimlarini qo‘llash, yuqori samaradorlikka ega zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli metall mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama markazida bo‘ldi.

Muzokaralar metallurgiya sohasi bilan cheklanib qolmadi. Tomonlar energetika va transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ham bir qator strategik loyihalarni muhokama qildilar. Xususan, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barqaror energiya bilan ta’minlash, zamonaviy energetik yechimlarni joriy etish, transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirish hamda xomashyo va tayyor mahsulotlar harakatini yanada samarali tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Ma’lumot uchun, China North Industries Corporation — NORINCO Xitoyning yirik xalqaro sanoat korporatsiyalaridan biri bo‘lib, konchilik va mineral resurslar, neft-gaz, energetika, xalqaro muhandislik, transport infratuzilmasi, ilg‘or sanoat ishlab chiqarishi hamda investitsiya loyihalari yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. Korporatsiya yirik va kompleks loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro tajribaga ega bo‘lib, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida o‘z faoliyatini olib boradi.

NORINCO bilan bog‘liq China North Industries Group Corporation Limited 2025-yilgi Fortune Global 500 reytingida 226-o‘rinni egallagan bo‘lib, bu korporatsiyaning global sanoat maydonidagi salohiyati va ko‘lamini namoyon etadi.

“O‘zmetkombinat” va NORINCO o‘rtasidagi mazkur muzokaralar xomashyo bazasini rivojlantirishdan boshlab yangi metallurgiya quvvatlarini yaratish, energetika va transport infratuzilmasini takomillashtirishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli yo‘nalishlarni qamrab oluvchi uzoq muddatli strategik hamkorlik uchun muhim zamin yaratmoqda.

Bu hamkorlik — shunchaki alohida loyihalar majmui emas, balki xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq sanoat zanjirini shakllantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va “O‘zmetkombinat”ning global metallurgiya maydonidagi raqobatbardoshligini yanada mustahkamlashga qaratilgan strategik qadamdir.

 

0

(0 ovoz)